GTA 6’ning yangi geympleyi muxlislarni hayratda qoldirdi
Rockstar Games Instagramʼda OnlyInDade videosi asosidagi 15 soniyalik rolikni joyladi: tomoshabinlar GTA 6 kadrlarini haqiqiy tasvir deb oʻylab, sunʼiy intellekt roli haqida bahslashmoqda.

Rolik Rockstar Gamesʼning Instagram Storiesʼida paydo boʻldi va Floridadagi Mayami-Deyd okrugidagi noodatiy hodisalarni yorituvchi OnlyInDade akkaunti videosidagi sahnani takrorlaydi. Aynan shu hudud yangi oʻyindagi xayoliy Leonida shtatiga asos boʻlgan.
Koʻplab tomoshabinlar dastlab haqiqiy hayotdan olingan tasvirni koʻrayapmiz, deb oʻyladi. Original video bilan solishtirganda farqlar yaqqolroq koʻrinadi: haqiqiy videoda koʻchada odamlar koʻproq, ranglar esa kamroq toʻyingan. Oʻyin versiyasida kamera biroz titraydi va sahna telefonda tasvirga olinayotgandek taassurot uygʻotadi. Shu bilan birga, boʻsh trotuar oʻyin roligini yanada ishonarli qiladi.
Xʼda foydalanuvchilardan biri bu geympley emas, balki haqiqiy hayot ekanini yozdi. Redditʼda esa tomoshabinlar lavha sunʼiy intellekt yordamida yaratilmaganmi, deb bahslashmoqda. Rockstar Games rolikda haqiqat aks etganini toʻgʻridan-toʻgʻri aytmadi, biroq material muallifi kompaniya muxlislarni chalgʻitishi mumkin boʻlgan soxta kadrlarni eʼlon qilishi ehtimoldan yiroq, deb hisoblaydi. OnlyInDade akkaunti videoning 100 foizi oʻyin jarayonidan iborat ekanini taʼkidlamoqda.
Muxlislarning bir qismi bu oʻyin dunyosining personaj telefoni orqali yozib olingan tasviri boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Avvalroq oʻyinchilarning eʼtiborini GTA 6’dagi realistik loy va treylerlardagi grafik tafsilotlar tortgandi. Muhokama oʻyinni soniyasiga 30 kadr bilan cheklash masalasiga ham koʻchdi; bu cheklov tarmoqda allaqachon bahslarga sabab boʻlgan.



