Neptun ortida bitta emas, birdaniga ikki «Toʻqqizinchi sayyora» yashirin boʻlishi mumkin
Olimlar Neptun orbitasi ortida alohida X2 sayyorasi mavjudligini taxmin qildi: modellar massasi qariyb ikki Yer massasiga teng jismni koʻrsatmoqda. Bu Toʻqqizinchi sayyora emas.

Bunday xulosaga Kindai universiteti, Vashington universiteti va Janubiy Kvinslend universitetining xalqaro jamoasi keldi. Tadqiqotchilar Neptundan narida harakatlanadigan muzli transneptun jismlarining noodatiy orbitalarini, jumladan baʼzan keskin qiya yoki choʻziq trayektoriyaga ega jismlarni oʻrgandi.
Olimlar gigant sayyoralar koʻchishini hisobga olib, Quyosh tizimining 4,5 mlrd yillik rivojlanishini modellashtirdi. Qoʻshimcha massali jism bor ssenariylarda bunday jismlar taqsimoti kuzatuvlarga yaxshiroq mos keldi. Eng mos X2 modelida orbitaning katta yarim oʻqi 350–500 a.b., Quyoshgacha eng qisqa masofa qariyb 200 a.b. Neptun esa yulduzdan taxminan 30 a.b. uzoqda.
X2 gipotezasi Toʻqqizinchi sayyora gipotezasini almashtirmaydi. Toʻqqizinchi sayyora gipotezasi Yer massasidan 4–6 baravar ogʻir boshqa jism mavjudligini nazarda tutadi; bir sayyoraning mavjudligi boshqasini istisno qilmaydi. Biroq hisob-kitoblar Dark Energy Survey loyihasi kuzatuvlarida aniqlangan katta yarim oʻqlar taqsimotiga hozircha toʻliq mos emas.
Mualliflar modelni takomillashtirish kerak deb hisoblaydi. Chilidagi Vera Rubin observatoriyasi kuzatuvlari uni tekshirishga yordam beradi: observatoriya uzoq jismlar haqida koʻproq maʼlumot toʻplab, ularning orbitalarini bashoratlar bilan solishtirish imkonini beradi.



