«Sesame Street» yaratuvchilari Elmo ishtirokidagi sunʼiy intellektli oʻyinchoqlarni chiqarishdan voz kechdi
Sesame Workshop sunʼiy intellektga ega interaktiv oʻyinchoqlar bolalar va ota-onalar oʻrtasida hissiy aloqa shakllanishiga xalaqit berishi mumkin, deb hisoblaydi.

Bolalar uchun «Sesame Street» dasturini tayyorlaydigan notijorat tashkilot Sesame Workshop oʻz qahramonlari obrazidagi sunʼiy intellektli oʻyinchoqlarni yaratishni rejalashtirmayapti. Bu haqda kompaniya prezidenti va bosh direktori Sherri Vestin Detroytdagi Fortune 500 Innovation Forum forumida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, bola bilan suhbatlasha oladigan interaktiv Elmo uning eʼtibori uchun ota-onalar va boshqa kattalar bilan raqobatlashishi mumkin. Holbuki, aynan jonli muloqot erta taʼlimda muhim rol oʻynaydi. Vestin bunday loyihalardan voz kechish tashkilotni ehtimoliy daromaddan mahrum qilishini tan oldi, biroq bunday mahsulotlar uning qadriyatlariga mos kelmaydi.
Shu bilan birga, Sesame Workshop sunʼiy intellektdan butunlay voz kechmayapti. Kompaniya AI ABCs tamoyillarini ishlab chiqdi. Unga koʻra, texnologiyalar bolalarning yoshini hisobga olishi, taʼlim olishni ragʻbatlantirishi, taʼlim materiallaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishi va ota-onalar bilan muloqotni almashtirmasdan, uni toʻldirishi kerak. Tashkilot sunʼiy intellektdan 2017-yildan beri foydalanadi: u IBM bilan hamkorlikda bolaning oʻzlashtirishiga qarab topshiriqlarni moslashtiradigan soʻz oʻrganish ilovasini yaratgan. Bundan tashqari, texnologiyalar «Sesame Street» saytida ota-onalar uchun materiallarni tanlashga yordam beradi.



