RUUZEN
Gadjetlar

Lenovo byudjetli Legion Go Beam oʻyin konsolini tayyorlamoqda

Tarmoqda Lenovoʻning yangi portativ Legion Go Beam konsoliga oid tasvirlar paydo boʻldi. U kompaniya seriyasidagi qimmat modellarga nisbatan hamyonbop muqobil boʻlishi mumkin.

20-noyabr, 17:22По-русски

Read in English

windowslatest.com

Lenovo, ehtimol, yangi portativ oʻyin qurilmasi — Legion Go Beamʼni tayyorlamoqda. Eʼlon qilingan tasvirlarga qaraganda, yangilik byudjet segmentiga moʻljallangan va hatto Legion Go Sʼning boshlangʻich versiyalaridan ham arzonroq boʻlishi mumkin.

Qurilma teksturali yuzaga ega yirik tutqichlar va qulay triggerlar bilan jihozlangan, biroq uning konstruksiyasi sezilarli darajada soddalashtirilgan. Yuqori qismida ikkita USB-C porti oʻrniga bitta port joylashgan, sensorli panel yoʻq, krestovina esa soddaroq koʻrinadi. Sovitish tizimi ham ixcham havo kirish qismi va ventilyatsiya teshigi bilan ajralib turadi.

Korpusda SteamOS logotipi yoʻq, shu bois konsol Windows boshqaruvida ishlashi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, qurilma bulutli geyming va strimingga yoʻnaltirilishi mumkinligi ham muhokama qilinmoqda. Biroq hozircha bular faqat taxminlar — qurilmaning texnik xususiyatlari va vazifasi oshkor etilmagan.

Legion Go Beamʼning narxi nomaʼlum. Taqqoslash uchun, Lenovo avvalroq Legion Go Sʼni $499 evaziga chiqarishni rejalashtirgan edi, biroq yakuniy narx bundan yuqori boʻldi. Legion Go 2 esa kutilgan $1099 oʻrniga $1500 va undan yuqoriga qimmatlashdi. Striming qurilmalari segmentida bundan ham hamyonbop takliflar bor, masalan, narxi $249 boʻlgan PlayStation Portal.

Legion Go Beamʼning rasmiy taqdimoti yanvar oyida boʻlib oʻtadigan CES koʻrgazmasida oʻtkazilishi mumkin. Lenovo anʼanaga koʻra, yangi oʻyin qurilmalarini aynan shu yerda taqdim etadi. Shu bilan birga, sotuvlarning boshlanishi taqdimotdan keyin bir necha oyga qoldirilishi mumkin.