Framework sensorli panel va almashtiriladigan akkumulyatorli simsiz klaviaturani taqdim etdi
Framework oʻrnatilgan sensorli panelga ega ixcham simsiz klaviaturaga oldindan buyurtma qabul qilishni boshladi. U divandan turib kompyuter, mini-kompyuter va serverlarni boshqarish uchun moʻljallangan.

Qurilmada qaychili mexanizmga ega membranali klavishlar va PixArt kontrollerli Windows Precision sensorli paneli bor. Klaviatura 485 gramm keladi, unda yoritish mavjud emas. U USB-C orqali simli ulanishni qoʻllab-quvvatlaydi hamda USB qabul qilgichi va Bluetooth uchun toʻrttagacha simsiz profilni saqlaydi.
Framework hisob-kitobiga koʻra, sigʻimi 1200 mA·soat boʻlgan akkumulyator bir oydan ortiq faol ishlashni taʼminlaydi. Nosozlik yuz bersa, akkumulyator va elektron platani almashtirish mumkin, USB qabul qilgichi esa alohida sotiladi. Qurilma Windows, macOS, Linux, smartfonlar, planshetlar, smart-televizorlar va oʻyin konsollari bilan mos kelishi aytilgan.
Mikrodastur ZMK asosida ishlaydi, shu sababli klavishlarni ZMK Studioʻda qayta tayinlash mumkin. Framework korpusning CAD modellarini ham eʼlon qildi — ular yordamida 3D-printerda oʻz mahkamlagichlari va aksessuarlarini yaratish mumkin. Kompaniya keyinroq mikrodastur kodini ochishni vaʼda qilgan. Hozircha faqat AQShning ANSI klaviatura joylashuvi mavjud, Framework saytida narx 100 dollar.



