Toyota vodorodli poyga avtomobillari uchun chiziqli yuritmani namoyish etdi
Toyota suyuq vodorodda ishlaydigan poyga avtomobillari uchun yuritma prototipini namoyish etdi. Uni 2027-yilda Super Endurance seriyasida qoʻllash rejalashtirilmoqda.

Yangi chiziqli yuritma Kyoto universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqildi va Yaponiyaning Super Endurance seriyasi final bosqichida, Fuji Speedway trassasida namoyish etildi. Qurilma suyuq vodorodni dvigatelga uzatuvchi nasos uchun moʻljallangan.
Konstruksiyada silindrsimon elementlar hamda gʻaltak ichida doimiy magnit oʻrnatilgan shtok ishlatiladi. Elektr toki shtokni osilgan holatda ushlab turadi, soʻng uni yuqoriga va pastga harakatlantiradi. Ishlash prinsipi Yaponiyaning magnit yostiqchali poyezdlarida qoʻllanadigan magnit levitatsiyasiga oʻxshaydi.
Anʼanaviy mexanizmdan farqli ravishda, bu yuritmaga murakkab tishli gʻildiraklar va mexanik uzatmalar kerak emas. Shu tufayli u ixchamlashtirildi, qizishi kamaytirildi va katta kuch hosil qilish qobiliyati saqlab qolindi. Suyuq vodorod uchun haroratning pasaytirilishi ayniqsa muhim: qizish yoqilgʻining bugʻlanishini tezlashtiradi va uning yoʻqotilishini oshiradi.
Toyota Motorsport prezidenti Tomoya Takahashi kompaniya yuritmadan 2027-yil iyunida boʻlib oʻtadigan Super Endurance seriyasining 24 soatlik poygasida foydalanishni rejalashtirayotganini aytdi. Toyota texnologiyani Yaponiya bozori uchun moʻljallangan poyga avtomobillarida ham qoʻllashga umid qilmoqda.
Joriy mavsumda kompaniya suyuq vodorod solingan bak ichiga oʻta oʻtkazuvchan elektr dvigatelini oʻrnatdi. Toyota maʼlumotlariga koʻra, bu rezervuarning foydali sigʻimini taxminan 40 foizga oshirdi va avtomobilning yurish zaxirasini benzinli avtomobillar koʻrsatkichlariga yaqinlashtirdi. Harakatlanish paytida yoqilgʻi yoʻqotilishini kamaytirish uchun bak ichiga teflon qoplamali, suyuqlik chayqalishiga qarshi toʻsiqlar oʻrnatildi: ular vodorod yoʻqotilishini 3–5 foizga qisqartirdi va avtomobilga yana bir aylana bosib oʻtish imkonini berdi.



