Google Gemini ilovasida chatlar tarixi va sunʼiy intellektni oʻqitish sozlamalarini ajratadi
Foydalanuvchilar yozishmalar tarixini saqlab qolish bilan birga, Google undan generativ modellarni oʻqitish uchun foydalanishini alohida taqiqlashlari mumkin boʻladi.

Hozirda har ikki parametr uchun Keep Activity sozlamasi javob beradi. U chatlarni qancha muddat saqlash va ulardan sunʼiy intellektni oʻqitish uchun foydalanish imkoniyatini belgilaydi. Google bu sozlamani bir-biridan mustaqil ikkita tugmaga ajratadi.
Birinchi sozlama — History — tarixni qancha muddat saqlashni boshqarish imkonini beradi. U oʻchirilganida, kelajakdagi yozishmalar taxminan ikki oy davomida saqlanadi va fikr-mulohazalarni qayta ishlash, shuningdek, Google, foydalanuvchilar va jamiyat xavfsizligini taʼminlash uchun, jumladan, tekshiruvchi xodimlar ishtirokida foydalaniladi.
Ikkinchi sozlama chatlar mazmunidan, jumladan matn va biriktirilgan fayllardan generativ modellarni oʻqitish uchun foydalanishga javob beradi. Shu tariqa, foydalanuvchilar yozishmalarini saqlab qolishlari, biroq ularni sunʼiy intellektni oʻqitish uchun taqdim etmasliklari mumkin boʻladi.
Agar Keep Activity funksiyasi avval oʻchirilgan boʻlsa, ikkala yangi parametr ham dastlab oʻchirilgan holatda qoladi. Oʻzgarishlar yaqin haftalar davomida joriy etiladi, Google esa bu haqda foydalanuvchilarni elektron pochta orqali xabardor qiladi.



