$6,3 mlrdlik suhbat: Binance xakerlar uning tizimlariga qanday kirganini oshkor qildi
Kriptobirja maʼlumotlariga koʻra, hujumchilar oʻzlarini rekruterlar sifatida tanishtirib, xodimni zararlangan test topshirigʻini bajarishga koʻndirgan. Qoʻlga kiritilgan kirish huquqi kriptovalyuta oʻgʻirlanishi bilan yakunlangan xakerlik hujumlari zanjirining boshlanishiga aylandi.

Binance oʻtgan hafta kriptovalyutada $6,3 mlrd oʻgʻirlanishiga olib kelgan hujum tafsilotlarini oshkor qildi. Kompaniya talqiniga koʻra, Shimoliy Koreyadan boʻlgan xakerlar korporativ tarmoqqa kirish uchun rekruterlarning soxta profillari va ish taklifidan foydalangan.
Nishonga kriptovalyuta hamyonlari bilan shugʻullanuvchi muhandis olingan. U goʻyoki ish beruvchi vakillari bilan ikki marta suhbatlashganidan soʻng dasturlash boʻyicha test topshirigʻini olgan. Yuklab olingan materiallarda ish noutbukini zararlagan zararli kod boʻlgan. Binance bayonotiga koʻra, kompaniyaning himoya vositalari zararlanishni aniqlamagan.
Shundan soʻng hujumchilar hamyonlar jamoasidagi yana ikki muhandisning ish kompyuterlarini boshqarish imkonini beruvchi ichki vositaga kirish huquqini qoʻlga kiritgan.
Bu zanjirda avvalroq oʻgʻirlangan maʼlumotlardan ham foydalanilgan. Xodimlardan biri hujumdan bir necha oy oldin qidiruv tizimi orqali topilgan soxta dasturni yuklab olgan. Unda parollarni oʻgʻirlash dasturi boʻlgan. Binance zararlangan noutbukni almashtirgan, biroq hujumchilar keyingi kirish uchun oʻgʻirlangan hisob maʼlumotlaridan foydalangan.
Oxir-oqibat, ular milliardlab dollarlik kriptovalyuta aktivlarini boshqarish tizimlariga kirish huquqiga ega muhandisning kompyuterigacha yetib borgan.
Binance hujum sodir boʻlmasligi kerakligini tan oldi va himoyani kuchaytirganini maʼlum qildi. Kompaniya, shuningdek, tergovga tashqi mutaxassislarni jalb qilmoqchi. Birja Shimoliy Koreya tomonidan uyushtirilgan deb taxmin qilinayotgan kamida 57 ta hujum urinishi haqida maʼlum qildi.
FQB va blokcheyn tahlili boʻyicha mutaxassislar oʻgʻirlikni Shimoliy Koreya xakerlari bilan bogʻladi. Xavfsizlik tadqiqotchilari bunday sxemalar haqida bir necha yildan beri ogohlantirib keladi: hujumchilar jabrlanuvchiga zararlangan faylni ochishni taklif qilishdan oldin bir necha oy davomida oʻzlarini rekruterlar, investorlar yoki boʻlajak hamkorlar sifatida koʻrsatishi mumkin.
Binance voqeasi xavf faqat soxta ish taklifining ishonarliligida emasligini koʻrsatadi. Ish kompyuterlari oʻrtasidagi kirish zanjiri va avvalroq oʻgʻirlangan hisob maʼlumotlaridan qayta foydalanish imkoniyati muhim rol oʻynagan.



