GTA 6 kinoteatrlarga tashrif buyurish va striming xizmatlari auditoriyasiga taʼsir koʻrsatishi mumkin
Gollivud GTA 6’ning chiqishi tomoshabinlarni filmlar, onlayn kinoteatrlar va musiqa servislaridan chalgʻitishidan xavotirda.

The Hollywood Reporter nashri kinoindustriya GTA 6 chiqishiga qanday tayyorgarlik koʻrayotgani va oʻyinning keng koʻlamli relizi koʻngilochar bozorga qanchalik taʼsir qilishi mumkinligini oʻrgandi. Sohadagi vakillar Rockstar Games loyihasi auditoriyaning odatlarini oʻzgartirishi mumkin, deb hisoblaydi, biroq aniq oqibatlarni hozircha oldindan aytish qiyin.
Yirik kinoteatrlar tarmogʻi rahbarlaridan biri oʻyin chiqqanidan keyin seanslarga tashrif buyurish kamayishi mumkinligini taxmin qildi. Shu bilan birga, u taʼsir koʻlamini faqat relizdan keyin baholash mumkin boʻlishini taʼkidladi. Misol sifatida u «Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi» va Jonni Depp ishtirokidagi «Skruj» filmlariga oldindan boʻlgan talab oʻrtasidagi farqni keltirdi.
Ekspertlarning fikricha, GTA 6 bilan raqobatni eng koʻp striming platformalari his qilishi mumkin, chunki videooʻyinlar va onlayn kinoteatrlar bir auditoriyaning boʻsh vaqti uchun kurashadi. Musiqa industriyasiga ham maʼlum darajada taʼsir kutilmoqda: oʻyin bilan bogʻliq kompozitsiyalar Spotifyʼda allaqachon 26 mln marta tinglangan, rasmiy saundtrek esa 11 dekabrda chiqadi.
The Game Awards boshlovchisi va prodyuseri Jef Kili boʻlajak relizni media tarixidagi eng yirik ishga tushirish boʻlishi mumkin, deb atadi. Uning fikricha, GTA 6 2026 yil oxirigacha juda koʻp odamlar uchun bosh koʻngilochar voqeaga aylanishi mumkin.
Oʻyinning chiqishi 2026 yil 19 noyabrga rejalashtirilgan. U PlayStation 5 va Xbox Series X/S platformalarida mavjud boʻladi.



