Google qidiruv bosh sahifasiga AI chatlarini qoʻshdi
Google desktop qidiruv bosh sahifasida AI Mode soʻrovlari tarixi va yangi suhbatlar uchun yon panelni bosqichma-bosqich ishga tushirmoqda; yangilanish dunyo boʻylab tarqalmoqda.

Yangilanishda chapdagi kulrang tasmani bosganda ochiladigan, yigʻib qoʻyish mumkin boʻlgan panel paydo boʻldi. Unda AI Modeʼdagi oldingi soʻrovlarni koʻrish, suhbatlarni izlash, muhokamalarga qaytish va bosh sahifadan chiqmay yangi suhbat boshlash mumkin. Shuningdek, foydalanuvchilarga Gemini Notebookʼni ulash taklif qilinadi.
Google mahsulotlar boʻyicha vitse-prezidenti Robbi Steyn bu oʻzgarishni foydalanuvchilar soʻrovlari tobora koʻproq davom ettirishni talab qilayotgani bilan izohladi. Uning aytishicha, sinovlar panel qidiruvga qaytish va internetda maʼlumotni oʻrganishni davom ettirishga yordam berishini koʻrsatgan.



