ChatGPTʼda «Hamyon» paydo boʻldi — endi sunʼiy intellekt agentlari foydalanuvchi nomidan xaridlarni rasmiylashtira oladi
OpenAI Dots agentlari uchun «Hamyon»ni taqdim etdi: ular mahsulot tanlash va buyurtma berishda yordam bera oladi. Dastlab bu funksiya AQShdagi ChatGPT Proʻga obuna boʻlgan voyaga yetgan foydalanuvchilarning cheklangan qismiga taqdim etiladi.

Yangi funksiya orqali foydalanuvchi bank kartasini qoʻshadi va sunʼiy intellekt agentidan mahsulot topib, buyurtmani rasmiylashtirishni soʻraydi. Toʻlovdan oldin xaridlar roʻyxati va yakuniy summani tekshirish, shuningdek, kartani tanlash mumkin. Operatsiyani esa biometrik maʼlumotlar, masalan, Face ID yoki barmoq izi orqali tasdiqlash kerak.
ChatGPT karta rekvizitlari oʻrniga toʻlov tokenidan foydalanadi, shu sababli ular na agentga, na sotuvchiga yuboriladi. Sotuvchi yetkazib berish uchun zarur maʼlumotlarni oladi, xaridorda esa keshbek va tranzaksiyaga eʼtiroz bildirish imkoniyati saqlanib qoladi.
OpenAI xaridlarni tovar toifalari yoki muayyan davrlar boʻyicha oldindan maʼqullash uchun xarajat limitlari va boshqa sozlamalarni qoʻshishni rejalashtirmoqda. Kompaniya, shuningdek, koʻproq doʻkonlarni ulashni xohlaydi, biroq ayrim platformalar hozircha sunʼiy intellekt agentlarining kirishini bloklamoqda.



