Tahlilchilar fikricha, Meta AI infratuzilmasiga xarajatlarni boshqalarga qaraganda osonroq qisqartira oladi
Microsoft, Amazon va Alphabet boʻlajak daromadlarining katta qismini allaqachon shartnomalar bilan taʼminlagan, Meta esa AI sohasidagi investitsiyalarini qayta koʻrib chiqishda koʻproq erkinlikka ega.

Microsoft, Amazon, Alphabet va Meta 2026 yilda kapital xarajatlarga qariyb 730 mlrd dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Bu xarajatlarning katta qismi AI infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq. Biroq tahlilchilar Meta boshqa kompaniyalarga qaraganda investitsiyalarni sekinlashtirishi osonroq, deb hisoblaydi, chunki uning xarajatlari mijozlar bilan tuzilgan shartnomalarni bajarishga emas, koʻproq oʻz servislariga yoʻnaltirilgan.
Microsoft, Amazon va Alphabetda mijozlarning hali daromadda aks etmagan jami majburiyatlari hajmi 1,816 trln dollarni tashkil etadi. Shundan Microsoft hissasiga 677 mlrd dollar, AWSga — 578 mlrd dollar, Google Cloudga esa — 561 mlrd dollar toʻgʻri keladi. Metada shunga oʻxshash bulutli xizmatlar buyurtmalari portfeli mavjud emas.
2026 yilda Microsoft kapital xarajatlarga qariyb 170 mlrd dollar, Alphabet 195–205 mlrd dollar, Amazon 220 mlrd dollar, Meta esa 135–145 mlrd dollar yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, hisoblash quvvatlariga talab taklifdan yuqoriligicha qolmoqda, kompaniyalar esa infratuzilmani bir necha yilga oldindan band qilmoqda.
Meta oʻz mahsulotlarida hisoblash quvvatlaridan foydalanish samaradorligi chegarasiga hali yetmaganini maʼlum qilmoqda. Kompaniya, shuningdek, tasdiqlangan talab paydo boʻlishi bilan yangi AI yoʻnalishlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Biroq uning investitsiya strategiyasi bulutli xizmatlar koʻrsatuvchi raqiblarinikiga qaraganda hanuz moslashuvchanroq.
Yuqori xarajatlar va investorlar bosimiga qaramay, Alphabet va Amazon 2027 yilda kapital qoʻyilmalar yanada oshishini kutmoqda. Ayni paytda hisoblash samaradorligining ortishi kompaniyalarga infratuzilmani mutanosib ravishda kengaytirmasdan, oʻsib borayotgan talabga xizmat koʻrsatish imkonini berishi mumkin.



