Whoop sogʻliq va jismoniy faollik maʼlumotlarini almashish uchun ijtimoiy tarmoqni ishga tushirmoqda
Whoop Humans platformasi foydalanuvchilarga uyqu, tiklanish va mashgʻulotlar koʻrsatkichlarini ulashish, shuningdek, yaqinlarining natijalarini kuzatish imkonini beradi.

Fitnes bilaguzuklari ishlab chiqaruvchisi Whoop kompaniyaning mobil ilovasida paydo boʻladigan Humans ijtimoiy platformasini taqdim etdi. Funksiya barcha tarif rejalari obunachilari uchun qoʻshimcha toʻlovsiz foydalanishga ochiladi.
Foydalanuvchilar bir-biriga obuna boʻlishi, uyqu, tiklanish va mashgʻulotlar koʻrsatkichlarini ulashishi, yutuqlar, fotosuratlar va izohlarni eʼlon qilishi mumkin. Bunda har bir foydalanuvchi maʼlumotlarni kimga va aynan qaysi maʼlumotlarni koʻrsatishni mustaqil belgilaydi. Guruhlar va umumiy reytinglarga yoʻnaltirilgan mavjud Teams funksiyasidan farqli ravishda, Humans foydalanish huquqini individual tarzda sozlash imkonini beradi.
Kompaniya yangi platforma nafaqat doʻstlar, balki oilalar uchun ham, masalan, keksa qarindoshlarning ahvolini kuzatishda foydali boʻlishi mumkinligini taʼkidlamoqda. Shu bilan birga, Whoop axborot almashinuvi faqat foydalanuvchilarning xohishiga koʻra amalga oshirilishini qayd etmoqda. Tibbiy maʼlumotlar va sogʻliq holati haqidagi ogohlantirishlar boshqa ishtirokchilarga uzatilmaydi.
Humansʼni rivojlantirish Whoop kompaniyasining tibbiy texnologiyalar yoʻnalishidagi harakatlarini davom ettiradi. Kompaniya allaqachon FDA maʼqullagan EKG, boʻlmachalar fibrillyatsiyasi belgilarini aniqlash, arterial bosimni baholash, qon tahlillari va tibbiy hujjatlarni yuklash imkoniyatlarini taklif qilmoqda.
Bundan tashqari, kelasi yil martidan Whoop qurilmalari Ulta doʻkonlar tarmogʻida sotila boshlaydi. Kompaniya Google Fitbit va Apple tomonidan raqobat yanada kuchayishini ham kutmoqda.



