Netflix Kamila Morrone ishtirokidagi «Begʻuborlik davri» serialining ilk kadrlarini taqdim etdi
Edit Uorton romanining sakkiz qismdan iborat ekranlashtirilishi 18-fevral kuni Netflix platformasida namoyish etiladi.

Netflix Pulitser mukofotiga sazovor boʻlgan Edit Uortonning shu nomdagi romani asosida suratga olingan «Begʻuborlik davri» (The Age of Innocence) mini-serialining ilk kadrlarini namoyish etdi. Bosh rollarni Kamila Morrone, Kristin Froset va Ben Radkliff ijro etgan. Sakkiz qismdan iborat loyiha premyerasi 18-fevral kuni boʻlib oʻtadi.
Voqealar XIX asrdagi Nyu-Yorkda kechadi. Syujet sevgi uchburchagi ishtirokchilari tuygʻular, jamiyat oldidagi majburiyatlar va shaxsiy erkinlik oʻrtasidagi tanlov qarshisida qolishi haqida hikoya qiladi. Ijodkorlar, shuningdek, oʻzlik, burch va sevgining turli koʻrinishlari mavzulariga ham toʻxtaladilar.
Ssenariyni «Oq qirolicha» va «Oq malika» seriallari bilan tanilgan Emma Frost yozgan. U, shuningdek, shou-ranner va ijrochi prodyuser sifatida ham qatnashgan. Dastlabki uch qismni Shennon Merfi suratga olgan, boshqa rejissyorlar qatorida Liza Bryulmann va Natalya Leyte ham bor.
Uorton romanini 1993-yilda Martin Skorseze ham ekranlashtirgan. Filmda bosh rollarni Deniyel Dey-Lyuis, Mishel Pfayffer va Uinona Rayder ijro etgan. Kristin Froset uchun yangi loyiha yozuvchining asari asosidagi ikkinchi ekranlashtirish boʻladi: aktrisa, shuningdek, Apple TV+ platformasining Uortonning soʻnggi tugallanmagan romani asosida yaratilgan «Bukkanerlar» (The Buccaneers) serialida ham rol oʻynamoqda.



