Audi haydovchilari endi AI yordamida pochta va Teams bilan ishlay oladi
Audi 2026-yilgi ayrim modellar uchun MMI experience pro paketiga Microsoft 365 ilovasini qoʻshdi. U Yevropaning 28 mamlakatida pochta va Teams bilan ovoz orqali ishlash imkonini beradi.

Audi MMI Connected Work In-Car App 2026 va undan keyingi model yiliga mansub qator avtomobillar uchun Audi Application Storeʼda paydo boʻladi. Ilovani Audi, Cerence AI va Microsoft Microsoft Foundry bazasida ishlab chiqdi.
Haydovchi ovoz orqali xatlar qoralamasini yaratishi, kiruvchi xabarlarni tinglashi, uchrashuvlarni taqvimga belgilashi va Microsoft Teams yigʻilishlariga ulanishi mumkin. Yoʻlga chiqishdan oldin yordamchi kunlik jadval hamda oʻqilmagan xabarlarni ovoz chiqarib aytib berishi ham mumkin.
Xizmat shaxsni tekshirish, qurilmalarni boshqarish va korporativ siyosatlarga rioya etilishini taʼminlash vositalari — Microsoft Intune, Entra va Purview bilan integratsiya qilingan. Audi va Cerence bu tizimlar kompaniyalarga ish maʼlumotlari ustidan, jumladan, shifrlash va kirish sozlamalari boʻyicha nazoratni taʼminlashi kerakligini taʼkidlamoqda.
Dastlab ilova 2026 va undan keyingi model yiliga mansub Audi A5, Q5, A6, A6 E-Tron, Q6 E-Tron, Q7 va Q9 avtomobillarida mavjud boʻladi. Xizmat Yevropaning 28 davlatida ishga tushiriladi. Ular qatorida Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya va Buyuk Britaniya bor. Audi roʻyxatida AQSh koʻrsatilmagan.
Hozirda ilova nemis va ingliz tillarini qoʻllab-quvvatlaydi. Audi daniya, fransuz, italyan, niderland, polyak va ispan tillarini qoʻshishni rejalashtirmoqda. Xizmatni MMI experience pro paketi bilan birga yoki avtomobil xarid qilingandan keyin Audi Function Store orqali alohida olish, soʻng Audi Application Storeʼdan oʻrnatish mumkin.



