Google Gemini Liveʼni Apple CarPlayʼga qoʻshdi
iPhone foydalanuvchilari yoʻldan chalgʻimasdan, safar vaqtida Googleʼning sunʼiy intellekt yordamchisi bilan bevosita muloqot qila oladi.

Google Gemini ilovasini Apple CarPlayʼga joriy eta boshladi. Integratsiya tufayli iPhone egalari Gemini Liveʼning ovozli rejimidan toʻgʻridan-toʻgʻri avtomobil displeyi orqali foydalanishi mumkin.
Interfeys yordamchi foydalanuvchini qachon tinglayotgani, soʻrovni qayta ishlayotgani yoki javob berayotganini koʻrsatuvchi ovozli animatsiyani oʻz ichiga oladi. Shuningdek, mikrofonni oʻchirish va suhbatni yakunlash tugmalari ham mavjud. Mobil ilovadagi kabi, foydalanuvchilar Geminiʼning gapini boʻlishi, tafsilotlar qoʻshishi va suhbat mavzusini oʻzgartirishi mumkin.
Yordamchi yaqinda boʻlib oʻtgan suhbatni davom ettirish yoki yangisini boshlash imkonini beradi. Barcha dialoglar iPhoneʼdagi Gemini ilovasi bilan sinxronlashtiriladi.
Google yangi funksiyadan jadvalni tekshirish va uchrashuvlarga tayyorgarlik koʻrish, Gmailʼdagi xatlarni oʻqish va qisqacha mazmunini tayyorlash, yaqin atrofdagi muassasalarni izlash, shuningdek, ish vazifalarini muhokama qilish va yangi mavzularni oʻrganish uchun foydalanishni taklif qilmoqda. Shu bilan birga, kompaniya interfeys haydovchini chalgʻitishni imkon qadar kamaytirish zarurati hisobga olingan holda ishlab chiqilganini taʼkidlaydi.
Geminiʼni CarPlay uchun tarqatish butun dunyo boʻylab boshlandi. Funksiya Gemini Live qoʻllab-quvvatlaydigan tillarda iOS foydalanuvchilari uchun mavjud. Undan foydalanish uchun Gemini ilovasini eng soʻnggi versiyaga yangilash kerak.



