Google Maps kompaniyalarga qoʻngʻiroq qilib, xizmatlarni AI-chatbot orqali bron qilishni oʻrganadi
Google Ask Mapsʼga xizmatlarga yozilish, restoranlarni izlash va sayohatlarni rejalashtirish uchun yangi funksiyalarni qoʻshdi.

Gemini asosidagi Ask Maps chatbot endi goʻzallik salonlari, parvarish xizmatlari, avtoservislar va uy-joyni taʼmirlash bilan shugʻullanuvchi kompaniyalarda boʻsh vaqtlarni izlay oladi. U internet orqali mavjud vaqtlarni tekshiradi, zarur boʻlsa, tashkilotlarga oʻzi qoʻngʻiroq qilib, mijozni xizmatga yozdiradi. Qidiruvni boshlashdan oldin yordamchi qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrashi mumkin.
Foydalanuvchilar saqlangan roʻyxatlardan restoranlardagi boʻsh stollarni ham izlay oladi. Bundan tashqari, chatbot foydalanuvchining qiziqishlarini hisobga olgan toʻxtash joylari bilan avtomobil sayohatlari uchun yoʻnalishlar tuzishni oʻrgandi. Tayyor rejani tahrirlash, boshqa odamlarga yuborish yoki Google Docsʼga eksport qilish mumkin.
Safar oldidan Ask Maps ob-havo, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari, pulli yoʻllar va ehtimoliy kechikishlar haqida maʼlumot taqdim etadigan boʻladi. Sayohat davomida yoʻnalishni toʻgʻridan-toʻgʻri ilovaning oʻzida oʻzgartirish mumkin boʻladi.
Yangilanishlar Android va iOS qurilmalariga tarqatila boshlandi. Restoranlarni izlash va yoʻnalishlarni rejalashtirish Ask Maps ishlaydigan barcha hududlarda mavjud, xizmatlarni bron qilish va yoʻl boʻyicha tavsiyalar esa hozircha AQSh bilan cheklangan.
Google chatbotning geografik qamrovini ham kengaytirmoqda: u Yevropadagi 30 dan ortiq yangi mamlakatda, jumladan Buyuk Britaniya, Germaniya va Ispaniyada paydo boʻladi. Umuman olganda, Ask Maps 200 dan ortiq mamlakatda mavjud boʻladi.



