RUUZEN
Gadjetlar

Nintendo Switch 2 uchun Pikmin 4 versiyasi oʻyinchilardan keskin tanqidlarga uchradi

Foydalanuvchilar unumdorlik pasaygani, yuklanish uzoq davom etayotgani va yangi kontent yetishmasligidan shikoyat qilmoqda.

17-noyabr, 14:26По-русски

Read in English

Nintendo Switch 2 uchun yangilangan Pikmin 4 versiyasi tanqidlar toʻlqiniga duch keldi. Metacriticʼda oʻyinning foydalanuvchilar bergan bahosi 10 balldan 1,9 ballgacha tushdi, holbuki ilk Switch uchun chiqarilgan original versiya 8,9 ball olgan.

Pikmin 4: Nintendo Switch 2 Edition + Dandori Academy oʻtgan hafta chiqdi. Ushbu nashr yaxshilangan grafika, qoʻshimcha darajalar va Oatchi qahramonini ovoz orqali boshqarish imkoniyatini taklif etadi. Original oʻyin egalari uchun yangilanish 10 dollarga tushadi.

Biroq koʻplab oʻyinchilar unumdorlik yomonlashganini aytmoqda. Asosiy eʼtirozlar qatorida kadrlar chastotasining pasayishi, yuklanish vaqtining uzayishi va texnik xatolar bor. Ayrim foydalanuvchilarning bildirishicha, avval taxminan olti soniya davom etgan yuklanish endi 30 soniyadan koʻproq vaqt olishi mumkin.

Tanqidlar Dandori Academy qoʻshimchasiga ham taalluqli: oʻyinchilar asosiy kampaniyadagi lokatsiyalardan qayta foydalanilganidan va yangi sinovlarning bir xilligidan norozi. Shu bilan birga, muxlislarning bir qismi salbiy munosabat boʻrttirilgan deb hisoblaydi. Ularning taʼkidlashicha, raqiblarning oʻzgartirilgan joylashuvi va boshqa tafsilotlar tanish darajalarni yetarlicha xilma-xil qiladi.

Bahs-munozaralarga qaramay, seriya muxlislari nisbatan kamtarona yangilanish Nintendoʻning franshizaga eʼtibori susayayotganidan dalolat berishidan xavotirda. Kompaniya hozircha Pikmin 5’ni eʼlon qilgani yoʻq, garchi yaqinda seriya asosida qisqa metrajli multfilmlarni taqdim etgan boʻlsa ham.