CNET versiyasiga koʻra, 32 ta smartfon avtonomligi sinovida iPhone 18 Pro Max yetakchi boʻldi
Apple kompaniyasining flagman modeli keng qamrovli sinovda eng yaxshi natijani qayd etib, Google va boshqa ishlab chiqaruvchilar modellarini ortda qoldirdi.

CNET nashri AQSh bozorida mavjud 32 ta smartfonning avtonom ishlash davomiyligi boʻyicha keng qamrovli sinov natijalarini eʼlon qildi. Umumiy reytingda birinchi oʻrinni iPhone 18 Pro Max egalladi. Sinovlarda 2026-yilning 28 ta yangi modeli va oldingi avlodlarga mansub toʻrtta qurilma qatnashdi, sinovlarni oʻtkazishga esa 120 soatdan koʻproq vaqt ketdi.
Jurnalistlar ikki xil tekshiruv ssenariysidan foydalandi. Birinchi ssenariyda smartfonlar ekran yorqinligi maksimal darajaga oʻrnatilgan va Wi-Fi tarmogʻiga ulangan holda uch soat davomida videoni uzluksiz namoyish etdi. Ikkinchi bosqich esa video koʻrish, videomuloqotlar, oʻyinlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni oʻz ichiga olgan kundalik foydalanishning 45 daqiqalik taqlididan iborat boʻldi.
Qisqa kompleks sinovda iPhone 18 Pro Max va iPhone Duo atigi 1 foiz quvvatini yoʻqotdi. Keyingi oʻrinni 3 foizlik natija bilan Google Pixel 11 Pro XL egalladi. Videoni namoyish etish boʻyicha alohida sinovda esa iPhone 18 Pro yetakchi boʻldi: u uch soat ichida akkumulyator quvvatining atigi 6 foizini sarfladi.
Mutaxassislar iPhone 18 Pro Maxʼning yuqori avtonomligini kattalashtirilgan batareya, iOS 27 optimallashtirilgani va A20 Pro protsessorining energiya tejamkorligi bilan bogʻlamoqda.
Shu bilan birga, natijalar akkumulyator sigʻimi smartfonning qancha vaqt ishlashini belgilovchi yagona omil emasligini koʻrsatdi. Energiya sarfiga displey, protsessor va sunʼiy intellekt funksiyalari ham taʼsir qiladi.



