Ocarina of Time remeykini Zeldaning asosiy jamoasi ishlab chiqmoqda
Nintendo yangi versiya ustida ishlayotgan ishlab chiquvchilarni maʼlum qildi. Oʻyin 5-noyabr kuni Switch 2 uchun chiqadi

Nintendo The Legend of Zelda: Ocarina of Time remeykini ishlab chiqishga seriyaning asosiy oʻyinlari ustida ishlaydigan ichki EPD Production Group No. 3 jamoasi rahbarlik qilayotganini tasdiqladi. Bu haqdagi maʼlumot Ask the Developer intervyusida paydo boʻldi.
Loyihaga Eydzi Aonuma va Hidemaro Fujibayashi prodyuserlik qilmoqda. Fujibayashi avval Skyward Sword, Breath of the Wild va Tears of the Kingdom oʻyinlarini ishlab chiqishga rahbarlik qilgan.
Bungacha muxlislar boshqa ehtimoliy ishlab chiquvchilarni ham muhokama qilgan edi. Nomzodlardan biri Grezzo boʻlgan: studiya Nintendo 3DS uchun Ocarina of Time 3D oʻyinini, Majoraʼs Mask qayta nashrini va Echoes of Wisdomʼni yaratgan.
Shuningdek, Xenoblade oʻyinlari bilan tanilgan Monolith Soft ham loyihada ishtirok etishi taxmin qilingan. Kompaniya Nintendoʻga Breath of the Wild va Tears of the Kingdom ustida ishlashda yordam bergan. Biroq EPDʼning yetakchi roli tasdiqlangani remeykda qatnashayotgan jamoalarning toʻliq roʻyxatini oshkor etmaydi.
Intervyuda Aonuma Ocarina of Timeʼga qaytish Zeldaʼning 40 yilligi bilan ham bogʻliqligini tushuntirdi. U yosh ishlab chiquvchilar klassik oʻyin qanday tuzilganini chuqurroq oʻrganib, bu tajribadan kelajakdagi loyihalarda foydalanishlarini istagan.
Shu bilan birga, jamoa ayrim oʻzgarishlarni ham sinab koʻrgan. Masalan, remeykka tezkor koʻchish uchun yangi nuqtalarni qoʻshishga urinishgan. Bu gʻoyadan voz kechilgan: yoʻlni qisqartirganda oʻyinchilar sarguzasht hissi uchun muhim boʻlgan kichik kashfiyotlarni oʻtkazib yuborishgan.
Aonuma va Fujibayashi ishlab chiquvchilarga oʻz qarorlarini qabul qilish uchun ataylab keng imkoniyat qoldirgan va original oʻyinning qaysi elementlarini saqlab qolish kerakligini aniqlashga yordam bergan.



