Xakerlar Yaponiyaning Fugaku superkompyuterini buzdi — minglab olimlar maʼlumotlari xavf ostida
Riken Fugakuʼga ruxsatsiz kirilganini bildirdi: 4000 dan ortiq tadqiqotchi va yangi Rikyu AI superkompyuterining 375 foydalanuvchisi maʼlumotlariga kirilgan boʻlishi mumkin.

Mutaxassislar shubhali tarmoq faolligini 12 noyabrda payqadi, 14 noyabr tongida esa Fugaku ishini toʻxtatdi. Tekshiruvga koʻra, 10–13 noyabr kunlari tajovuzkorlar majmua operatsion tizimining ichki tarmogʻiga umumfoydalanishdagi monitoring sahifasi orqali kirgan. Portal xavfsizlik nuqtayi nazaridan oʻchirildi.
Foydalanuvchilarning ismlari va elektron pochta manzillari, ilmiy fayllar, shuningdek, Fugaku hamda unga bogʻliq xizmatlarga ulanish hisob maʼlumotlari xavf ostida qolgan boʻlishi mumkin. Institut xodimlari tajovuzkorlar zararlangan serverlarning bir qismi ishiga aralashib, ularga zararli dasturlar oʻrnatganini tasdiqladi.
Kirish usuli hozircha aniqlanmagan, oʻgʻirlangan maʼlumotlarning tarmoqqa sizdirilgani boʻyicha tasdiqlangan faktlar yoʻq. Yaponiya rasmiylari hodisaning sabablari va koʻlamini oʻrganishga qoʻshildi. Fugakuni Riken va Fujitsu yaratgan; majmua 2021 yil martida foydalanishga topshirilgan.



