Samsung One UI 9.5’da Apple Dynamic Island uslubidagi jonli bildirishnomalarni sinamoqda
Samsung One UI 9.5’da qayta ishlangan jonli bildirishnomalarni sinamoqda. Yangi versiyada ular ekran markazida chiqadi, faoliyatlar oʻrtasida chap-oʻngga surish orqali oʻtiladi.

Samsung One UI 9.5’da Live Notificationsʼning yangi variantini sinamoqda — hozircha bu funksiya ayrim mamlakatlardagi beta-dasturda faqat Galaxy S26 uchun mavjud.
Hozir bildirishnomalar holat satrining chap yuqori burchagida ixcham panel koʻrinishida chiqadi. U taymer yoki yozib olish indikatorini koʻrsatishi mumkin. Bir nechta ilova ishlayotganida ular oʻrtasida yuqoriga va pastga surish orqali oʻtiladi.
Sinovdagi dizaynda panel ekran markaziga koʻchadi. Boshqa ilovaning faoliyatini tanlash uchun foydalanuvchi avval bildirishnomani ochishi shart emas: uning ustidan chapga yoki oʻngga surish kifoya.
Samsung yakuniy variant va funksiyaning tarqalish muddatlarini hali tasdiqlamadi. Kutilishicha, Live Notifications barqaror One UI 9.5’ni oladigan Galaxy S27 seriyasi bilan birga taqdim etilishi mumkin.



