RUUZEN
Sunʼiy intellekt

Soʻrovda qatnashgan AI foydalanuvchi oʻsmirlarning qariyb uchdan biri shaxsiy muammolari bilan unga murojaat qiladi

Oʻsmirlar neyrotarmoqlardan asosan oʻqish va axborot izlash uchun foydalanadi, biroq shaxsiy masalalar ham muhim oʻrin tutadi. «Kasperskiy laboratoriyasi» tadqiqotiga koʻra, 12–17 yoshdagi soʻrovda qatnashgan AI foydalanuvchilarining 29 foizi shaxsiy muammolarini hal qilishda undan yordam soʻraydi, 19 foizi esa muloqot qilish uchun murojaat qiladi.

20-noyabr, 11:15По-русски

Read in English

Andrea Piacquadio / Pexels / images.pexels.com

«Internetda kattalar va bolalar» hisobotining natijalari Toshkentda boʻlib oʻtgan Kaspersky CyberSecurity Weekend 2026 konferensiyasida taqdim etildi. Soʻrovning oʻzi Rossiyada bolalar va ota-onalar oʻrtasida oʻtkazilgan. Neyrotarmoqlardan foydalanish haqidagi maʼlumotlar 12–17 yoshdagi oʻsmirlarga taalluqli.

Tadqiqot natijalariga koʻra, ushbu yosh guruhidagi soʻrovda qatnashgan oʻsmirlarning 71 foizi neyrotarmoqlardan foydalanadi. Foydalanuvchilarning 40 foizi AIʼga har kuni yoki deyarli har kuni murojaat qiladi, yana 37 foizi esa haftasiga ikki-toʻrt marta foydalanadi.

Eng koʻp uchraydigan vazifa — oʻqishda yordam olish: neyrotarmoqlardan foydalanuvchi oʻsmirlarning 77 foizi buni qayd etgan. Ikkinchi oʻrinda 62 foiz koʻrsatkich bilan axborot izlash turadi. Bundan tashqari, 28 foiz oʻsmir tushunarsiz xabarlar va iboralarni anglab olish uchun AIʼga murojaat qiladi.

AIʼdan taʼlim maqsadlarida foydalanadigan oʻsmirlarning 69 foizi bu haqda ota-onasiga aytadi. Texnologiyadan foydalanishini yashirayotganlar esa salbiy baholanishdan xavotirda: kattalar bola topshiriqlarni mustaqil bajara olmaydi yoki neyrotarmoqlarga haddan tashqari bogʻlanib qolgan, deb oʻylashi mumkin.

Ota-onalarning bunday vositalarga munosabati bir xil emas. Ularning taʼlim uchun foydasini tan olgan holda, kattalarning 44 foizi bolalarda «intellektual dangasalik» rivojlanishidan xavotirda. Yana 42 foiz ota-ona deyarli har qanday masalada AIʼga murojaat qilish odati shakllanishi mumkin, deb hisoblaydi.

Xatarlarni qabul qilishda ham farq bor. Neyrotarmoqlardan foydalanishning ehtimoliy xavflari haqida ota-onalarning 79 foizi va soʻrovda qatnashgan voyaga yetmaganlarning 50 foizi maʼlum qilgan. Kattalarni xavotirga solayotgan masalalar qatorida ishonchsiz javoblar hamda bolalarning axborotni mustaqil tahlil qilish qobiliyati pasayishi bor.

Shu bilan birga, natijalar AIʼdan foydalanishning oʻlchangan oqibatlarini emas, tadqiqot ishtirokchilarining javoblarini aks ettiradi. Jumladan, ota-onalarning qaramlik yoki mustaqillikning pasayishi haqidagi xavotirlari oʻz-oʻzidan bunday oʻzgarishlar soʻrovda qatnashgan bolalarda yuz berganini isbotlamaydi.

Oʻzbekistonda ham taʼlimda neyrotarmoqlardan masʼuliyatli foydalanish alohida ish yoʻnalishiga aylanmoqda. Avval xabar berilganidek, YUNESKO Toshkentdagi Xalqaro Nordik universitetida tegishli kafedra tashkil etilishini maʼqullagan. Kafedra AIʼdan taʼlim jarayonida foydalanishni oʻrganish va oʻqituvchilarni tayyorlash bilan shugʻullanadi.