RUUZEN
Ilm-fan

«Voyager-1» Yerga tegishli qurilmalar orasida birinchi boʻlib bir yorugʻlik kuni masofasiga yetdi

NASA hisob-kitoblariga koʻra, 18 noyabr kuni «Voyager-1» Yerdan taxminan 25,9 milliard kilometr uzoqlashdi — bu masofani radio signali 24 soatda bosib oʻtadi.

18-noyabr, 15:23По-русски

Read in English

habr.com

Qurilma bu marraga Toshkent vaqti bilan soat 15:16 da yetdi. Inson tomonidan yaratilgan boshqa hech bir obyekt ilgari Yerdan bunchalik uzoqqa bormagan. Taqqoslash uchun, Quyoshdan Yerga yorugʻlik taxminan sakkiz daqiqa 20 soniyada yetib keladi.

Bunday masofa aloqa kechikishini ham belgilaydi. Yerdan yuborilgan buyruq zondga taxminan bir sutkada yetib boradi, javob signali uchun ham shuncha vaqt kerak boʻladi. Shu sababli muhandislar yuborilgan koʻrsatma natijasini taxminan ikki sutkadan keyin bilib oladi.

«Voyager-1» 1977 yilda uchirilgan. Oradan deyarli yarim asr oʻtganiga qaramay, u radioaloqa kanali orqali maʼlumot uzatib, ilmiy ishini davom ettirmoqda. Uning kameralari 1990 yilda soʻnggi suratlar turkumidan keyin oʻchirib qoʻyilgan. Ular orasida Yerning mashhur «Och koʻk nuqta» surati ham bor edi.

Dasturning ikkinchi qurilmasi — «Voyager-2» uchirilganidan keyin boshqa trayektoriya boʻylab yoʻl oldi va Uran hamda Neptunni tadqiq qildi. NASA bahosiga koʻra, u Yerdan bir yorugʻlik kuni masofasiga 2035 yil noyabrida yetadi.