Snap oʻsmirlarning Snapchatʼga qaramligi haqidagi daʼvoni kelishuv bilan hal qildi
Kelishuv shartlari oshkor qilinmadi. Kompaniya rahbari Evan Shpigel bu ish boʻyicha guvohlik berishiga toʻgʻri kelmaydi

Snapchatʼga egalik qiluvchi Snap kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlar ruhiy salomatligiga zarar yetkazganini daʼvo qilgan ikki oʻsmir bilan kelishuvga erishdi. Daʼvogarlar vakillari bu haqda 2 noyabr kuni maʼlum qildi.
Sud hujjatlarida K.D.B. va S.J. initsiallari bilan koʻrsatilgan oʻsmirlar ilovalardan foydalanish majburiy odatlar, ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolar va oʻziga zarar yetkazishga olib kelganini taʼkidlagan. Snap bilan tuzilgan kelishuv shartlari, jumladan, ehtimoliy toʻlovlar haqida ochiq maʼlumot berilmadi.
Hakamlar hayʼati aʼzolarini tanlash oʻtgan hafta boshlangan, tomonlarning kirish bayonotlari esa noyabr oyiga rejalashtirilgan edi. Snapʼdan oldin daʼvogarlar Meta, YouTube va TikTokʼga qarshi daʼvolarini ham kelishuv bilan hal qilgan. Shu tariqa, Snapchat egasi ushbu ishda javobgarlar orasida oxirgi boʻlib qolgandi.
Agar sud jarayoni davom etganida, Snap bosh direktori Evan Shpigel guvohlik berishi kerak edi. Bu uning ijtimoiy tarmoqlarga taxmin qilinayotgan qaramlikka oid bunday ishlar doirasida suddagi ilk chiqishi boʻlardi.
Kompaniya tomonlar nizoni tinch yoʻl bilan hal qilish imkoniyatidan mamnun ekanini bildirdi. Snap vakili, shuningdek, foydalanuvchilar xavfsizligi, maxfiyligi va farovonligini yanada yaxshilashda davom etish niyatida ekanini aytdi.
Oʻsmirlarning advokatlari kelishuvlarni ijtimoiy platformalarni mahsulotlarining bolalarga taʼsiri uchun javobgarlikka tortish yoʻlidagi qadam sifatida taqdim etdi.
Bu ish daʼvolarning kengroq turkumining bir qismidir. 2026 yilda bundan oldin boshqa bir ish boʻyicha hakamlar hayʼati platformalar bolaligida unga zarar yetkazganini daʼvo qilgan yosh ayol foydasiga Meta va YouTubeʼdan jami $6 mln undirish haqida qaror chiqargan edi. Oʻsha paytda Snap va TikTok ish mohiyatan koʻrib chiqilishidan oldin kelishuvlar tuzgan.
Hozirgi kelishuv K.D.B. va S.J.ning muayyan daʼvolarini yopadi, biroq ijtimoiy tarmoqlar xavfsizligi va ularning taxmin qilinayotgan zarari haqidagi boshqa sud nizolarini tugatmaydi.



